O‘zbekiston davlat sport akademiyasi o'z faoliyatini boshladi
Joriy yildan o'z faoliyatini boshlagan Sport akademiyasi 2025-2026 o‘quv yili uchun abituriyentlar hujjatlarini qabul qilishni boshlaydi. Akademiya davlat oliy ta’lim muassasasi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida Sport vazirligiga bo‘ysunadi. Talabalarni qabul qilish parametrlari respublikadagi boshqa oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladi.
📑Yuqori malakali sport kadrlari tayyorlash, yangi avlod sportchi va trenerlarini yetishtirish orqali mamlakatimiz sportdagi yutuqlarini yangi bosqichga olib chiqish, jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yildagi PQ–197-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil etildi.
✅Talabalar kontingenti, asosan, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlov markazlarida shakllanayotgan sport turlari bo‘yicha, so‘nggi bir yil ichida jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan olimpiya va paralimpiya kollej bitiruvchilar, shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchi yoshlari orasidan seleksiya asosida tanlab olinadi.
✅Akademiyani tamomlaganlarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunadagi diplom beriladi. Talabalar Respublikadagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq o'tkaziladigan respublika musobaqalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
✅Sport yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar yashash joyi va oziqlanish bilan maxsus normativlar asosida, ya’ni olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari standartlariga muvofiq ta’minlanadi.
✅Bitiruvchilarga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 6 yilga amal qiluvchi malaka sertifikati istisno tariqasida bevosita taqdim etiladi.
✅Akademiyani tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, uch yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin — mutaxassisligi bo‘yicha rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
✅Akademiyada xorijiy tillar va O‘zbekiston tarixi chuqurlashtirilgan tartibda o‘rgatiladi. Shu maqsadda Axborot-kutubxona markazi hamda Tarix va xorijiy tillarni o‘qitish markazi tashkil etilgan.
🔵Muhim: Olimpiya va paralimpiya kollejlari bitiruvchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga qabul qilinadi.
📶 Ayni paytda Akademiyaga qabul jarayoni davom etmoqda.
Sharh qoldiring